2020 yilda o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestasiyasi boshlandi

2020 yilda o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestasiyasiga tayyorgarlik ishlari boshlanganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan BUYURTMALAR asosida Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlari attestasiyasini o‘tkazish JADVALI ishlab chiqilib, Davlat inspeksiyasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlandi.

Bu yilgi pedagog kadrlar attestasiyasining o‘ziga xos (ahamiyatli) tomoni shundaki, pedagoglar uchun navbatdagi (majburiy) va o‘z arizalariga ko‘ra muddatidan ilgari qatnashayotgan pedagog kadrlar attestasiyasi bir vaqtda, ya’ni joriy yilning mart-iyun’ oylarida o‘tkazilishi belgilandi.

Pedagog kadrlar attestasiyasini belgilangan muddatlarda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida qo‘yidagi ishlar amalga oshirilishi maqsad muvofiq:

Davlat inspeksiyasi hamda tasarrufida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan:

  • Maktabgacha ta’lim boshqarmalari, xalq ta’limi boshqarmalari, madaniyat boshqarmalari, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda oliy ta’lim muassasalari attestasiya komissiyalari, tuman (shahar) va muassasalar attestasiya komissiyalari, tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar attestasiya komissiyalarini tuzish;
  • Pedagog kadrlar kadrlarni attestasiyadan o‘tkazish tartibi va attestasiya natijalarini baholash mezonlari bilan tanishtirish maqsadida pedagoglar va attestasiya komissiyalari uchun o‘quv seminarlari, vebinarlar tashkil etish.

Ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan:

  • Attestasiya muddatini e’lon qilish va attestasiyadan o‘tkazish tartibi, uning natijalarini baholash mezonlari bilan yozma tanishtirish;
  • Attestasiyadan o‘tuvchilarning har biri uchun alohida hujjatlar yig‘majildi tayyorlash va hujjatlar yig‘majildida attestasiyadan o‘tuvchining pasporti, diplomi, attestasiyadan o‘tganligi to‘g‘risida olgan va amalda foydalanayotgan sertifikati (agar mavjud bo‘lsa), malaka oshirganligi haqidagi sertifikati nusxalari, ma’lumotnoma-tarjimai hol, so‘nggi bir yil davomida o‘tgan darslarining tahlillari, ochiq darslar o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar, ta’lim oluvchilari reytingi va erishgan yutuqlari (agar mavjud bo‘lsa) to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjudligiga alohida e’tibor qaratish;
  • Attestasiyadan o‘tuvchi pedagog kadrlarning malaka tavsiflarida va baholash mezonlarida belgilangan talablarni bajarganliklari haqidagi tavsiyalarni tayyorlash uchun ta’lim muassasalarida ekspert guruhlari tuzish.

Attestasiyadan o‘tayotgan pedagog kadrlar tomonidan:

  • Attestasiya jarayonlariga mas’uliyat bilan yondashish, attestasiya jarayonlarining asosini tashkil qiladigan normativ-huquqiy hujjatlar (Nizom, Baholash mezonlari)ni mukammal o‘rganib chiqish;
  • Attestasiya komissiyalari va ekspert guruhlariga o‘zlari to‘g‘risidagi haqqoniy, asoslangan ma’lumotlarni taqdim etish, attestasiya jarayonlari bilan bog‘liq hujjatlarni soxtalashtirishga harakat qilmaslik;
  • Ijtimoiy tarmoqlarda malaka (test) sinovlari savollari yoki nazorat materiallari sifatida tarqatilayotgan har xil ko‘rinishdagi manbalarga ishonib qolmasdan, faqatgina vakolatli organlar, ya’ni Davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkaziladigan onlayn-repetisiyadan samarali foydalanish;
  • Attestasiya jarayonlari joriy yilning mart oyida boshlanishini hisobga olgan holda 25 fevralga qadar attestasiyadan o‘tkazganlik uchun normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan (bazaviy hisoblash miqdorining yuz foizi, ya’ni 223 000 (ikki yuz yigirma uch ming)) miqdorda to‘lovlarni amalga oshirish (birinchi va oliy malaka toifali, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimidagi hamda ushbu malaka toifalari va lavozimlarga talabgor pedagog kadrlar uchun).

Pedagoglar attestasiya jarayoniga bog‘liq bo‘lgan savollar bilan Ta’lim inspeksiyasining 71-231-07-53 (ichki raqam 1023,1032) telefoni yoki inspeksiyaning telegram boti (@uztdibot) orqali murojaat qilishlari mumkin.

Do'stlaringizga ulashing:

One thought on “2020 yilda o‘tkaziladigan pedagog kadrlar attestasiyasi boshlandi”

Leave a Reply

Your email address will not be published.