Ba’zi dolzarb savollarga mehnat kodeksidan javoblar

Qanday holatda rahbar xodimni ishdan olishi mumkin?

Mehnat kodeksining 100-moddasiga binoan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish ASOSLI bo’lishi shart.
Quyidagi sabablardan birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asosli ekanligini bildiradi:

1️⃣ texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o’zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o’zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;

2️⃣ xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi yoki sog’lig’i holatiga ko’ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo’lib qolishi;

3️⃣ xodimning o’z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo’llanilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojo’ya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi;

4️⃣ xodimning o’z mehnat vazifalarini bir marta qo’pol ravishda buzganligi.
Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo’lgan mehnat vazifalarini bir marta qo’pol ravishda buzishlarning ro’yxati:
ichki mehnat tartibi qoidalari;
korxona mulkdori bilan korxona rahbari o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo’llaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi.
Xodimning o’z mehnat vazifalarini buzishi qo’pol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojo’ya harakatning og’ir-yengilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo’lgan oqibatlarga qarab hal etiladi;

5️⃣ o’rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek mehnat shartlariga ko’ra o’rindoshlik ishi cheklanishi sababli o’rindoshlar bilan mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;

6️⃣ korxona rahbari, uning o’rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo’lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi. Mazkur asos bo’yicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yo’l qo’yiladi. Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat to’g’risidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo’lgan vaqti, uzrli sabablarga ko’ra ishda bo’lmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi.

7️⃣ xodimning pensiya yoshiga to’lganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo’lganda.
Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo’lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo’l qo’yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno.

SAVOL: Ish vaqti nima va ish vaqtining normal muddati qancha?

JAVOB: Mehnat kodeksining 114-moddasiga ko’ra, xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o’z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo’lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
115-moddaga ko’ra xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga QIRQ SOATdan ortiq bo’lishi MUMKIN EMAS.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati YETTI SOATDAN, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.

Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish tartibi qanday?
Mehnat kodeksining 124-moddasiga binoan xodim uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi.
Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning ROZILIGI BILAN qo’llanishi mumkin.
Ish smenasining muddati o’n ikki soatdan iborat bo’lganda, shuningdek mehnat sharoiti o’ta og’ir va o’ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo’l qo’yilmaydi.
Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun kompenstsiya va haq to’lash ushbu Kodeksning 157-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Mehnat kodeksining 125-moddasiga ko’ra Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida to’rt soatdan (mehnat sharoiti og’ir va zararli ishlarda – bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo’lmasligi lozim.
Ish beruvchi har bir xodimning haqiqatda ishlagan ish vaqtini, shu jumladan ish vaqtidan tashqari ishlagan vaqtini o’z vaqtida aniq hisobga olib borishi shart.

SAVOL: Ish vaqtidan tashqari ishlash uchun haq to’lanadimi?

JAVOB: Ha to’lanadi. Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq Ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida IKKI BAROBAR miqdorida haq to’lanadi. To’lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, – ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Bayram yoki dam olish kuni dagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi to’lanadi.

SAVOL: Tungi vaqtdagi ish yoki tungi navbatchilik uchun haq to’lanadimi?

JAVOB: Tungi vaqtdagi (Mehnat kodesi 122-moddasining birinchi qismi) ishning har bir soati uchun kamida BIR YARIM BAROBAR miqdorda haq to’lanadi.
Tungi vaqtdagi ish uchun oshirilgan miqdorda to’langan haq tarif stavkalariga (mansab maoshlariga) qo’shilmaydi.
To’lanadigan haqning aniq miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, – ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, kechki smenadagi ish uchun oshirilgan miqdorda haq to’lash nazarda tutilishi mumkin. Bevosita tungi smenadan oldingisi kechki smena deb hisoblanadi.

Barcha javoblar O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksidan olindi.

Do'stlaringizga ulashing:

Izoh qoldiring

avatar