Intensive English kitobi haqida

Har safar ingliz tiliga oid qandaydir yangi kitob chiqsa, ko’pchilik menga murojaat qilib fikrimni so’rashadi. Imkonim boricha o’sha kitobni o’rganib chiqib fikrimni aytishga, sotib olishni yoki olmaslikni maslahat berishga harakat qilaman. So’ngi vaqtlarda trendga chiqqan, sayt va televizorlarda reklamasi aylanayotgan Intensive English kitobi bo’yicha ham fikrimni so’rab murojaat qilayoganlar ko’pchilikni tashkil etmoqda. Shuning uchun fikrlarimni bitta postda berib o’tishga qaror qildim. Shunday qilib,

Intensive English qanday kitob?
Ushbu kitob booknomy.uz sayti egalari tomonidan ishlab chiqilgan, 6 oy ichida ingliz tilini faqat eshitish orqali o’rganishni taklif qilayotgan kitob (Bizga avtori ham ma’lum emas).
Ushbu kitob yangi metod asosida deyilayotgan bo’lsa ham birmuncha eski bo’lgan A.J Hoge va Dr. Paul Pimsleur metodlariga juda o’xshash. Judayam yangi zamonaviy usulda deb aytolmayman. Kitobning narxi ancha qimmat. O’z narxi 1 200 000 so’m. Aksiya narxi 699 ming deyilgan. Lekin Aksiya o’lgur hech ham tugamaydi, kalendari yangilanib turaveradi. Arzonligida olib qolay deydiganlar ko’p shuning uchun qachon kitob sotib olmoqchi bo’lsangiz 5 kun qoldi 6 kun qoldi aksiya tugashiga deb turaveradi. Taqqoslash uchun Amazon.com saytida ham original, haqiqiy professorlar tomonidan yozilgan kitoblar ham uncha qimmat turmaydi.

Kitob bilan tanishib chiqmoqchi bo’lib o’zlaridan telefon orqali so’radim. Sotib olmoqchi bo’lsangiz qalbingizga quloq soling, namuna ko’rsatolmaymiz deyishdi. Baxtimga hech qancha o’tmay bir kishi elektron varianti bor sotaman deb taklif qilib qoldi. Namuna so’radim. 1nchi darsidan audio va kitob sahifasini yubordi. Audiosini eshitib ko’rdim. Ishga noprofessionallarcha yondashilgan. Audio diktofonda yozilganga o’xshaydi. Ovoz tempi bir xil ko’proq uyquni keltiradi. Kitobni o’zi ham oddiy faqat matn va so’zlardan iborat. O’ziga jalb qiladigan emas. Xullas 1ta darsi bilan tanishib chiqdimu keyin narxiga arzimaydi degan xulosaga keldim. Elektron variantini ham olmadim.
Ushbu kitob kimlar uchundir foydali bo’lishi mumkin. Kimdir qimmat narxga olgandan keyin albatta qunt bilan o’qib samarasini sezgan bo’lishi mumkin. Lekin oddiy grammatika kitoblarini ham qunt bilan o’qib. Har kuni qaysidir inglizcha audiolarni eshitib borsangiz shunda ham samarasini sezaverasiz. Muhimi kitobning arzon-qimmatligi emas. O’rganishga bo’lgan ishtiyoq!

Agar shunchalik effekti kam bo’lsa nega turli xil saytlarda va telekanallarda reklama qilishyapti deyishingiz mumkin. Lekin bir narsani biling, katta-katta saytlarda, televizorda reklama qilindi degani o’sha mahsulot haqiqatdan zo’r degani emas. TV va saytlarda reklama qilish uchun tadbirkorlik guvohnomasi bo’lsa, pulini to’lasangiz, reklama qonunchiligini buzmasa bo’ldi har qanday mahsulotni reklama qilish mumkin.
Yuqoridagi fikrlarimni shaxsiy izlanishlarimdan kelib chiqib yozdim, men sizga kitobni olmang umuman foydasiz demayman. Har qanday kitob ham foydali. Olmoqchi bo’lsangiz fikringizdan qaytarmayman. Lekin fikrlab ko’ring biroz ortga nazar tashlang. 870 mingdan sotilgan 5000 words in a month kitobi nima bo’ldi? Lov etib yondiyu elektroni tarqab puf etib o’chdi. Shunday qimmat kitob tekin bo’lib ketsa ham birov so’ramay qo’ydi. Shunchalik zo’r kitob bo’lganda hamma qidirib topib o’qib yurardi. Lekin shunday bo’lsa ham odamlarimiz haligacha 1985 yilda chiqqan 10-15 minglik R. Murphy kitoblarini ko’proq afzal ko’rishyaptiti. Demak kitobni narxi uni qandayligini belgilamaydi!
©️Hasanboy Rasulov

Do'stlaringizga ulashing:

Leave a Reply

Your email address will not be published.