PQ 1875

Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Qayd etib o‘tilsinki, mamlakatda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillarga o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, o‘qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan tizim yaratildi.

Mustaqillik yillarida 51,7 ming nafardan ziyod chet tillar o‘qituvchilari tayyorlandi, umumta’lim maktablarining 5-9 sinflari uchun ingliz, nemis va fransuz tillari bo‘yicha multimedia darsliklari, boshlang‘ich sinflarda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha elektron resurslar tayyorlandi, umumta’lim maktablarida, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda 5 mingdan ko‘proq lingafon kabinetlari jihozlandi.

Shu bilan birga, chet tillarni o‘rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to‘liq javob bermayapti. Ta’lim asosan an’anaviy uslublarda olib borilmoqda. Ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash yanada takomillashtirilishini taqozo etadi.

Zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki, 2013/2014 o‘quv yilidan boshlab:

respublikaning barcha hududida chet tillarni, asosan, ingliz tilini o‘rganish umumta’lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzidagi darslar va og‘zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan boshlab esa, alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirishdan bosqichma-bosqich boshlanadi;

oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish chet tillarda olib boriladi;

umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari va o‘qituvchilarini chet tillar bo‘yicha darsliklar va o‘quv-uslubiy komplekslar bilan ta’minlash, ularni belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda qayta nashr etish, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining aylanma mablag‘lari hisobidan bepul amalga oshiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni o‘rganishni kengaytirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturga kiritilgan chora-tadbirlar belgilangan muddatlarga muvofiq sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, boshqa vazirliklar, idora va ijrochi-tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

3. Chet tillarni o‘rganishni yanada rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan Muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi kengash deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilinsin, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti uning ishchi organi etib belgilansin.

Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Ikromov) manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda hamda yetakchi olim va mutaxassislarni jalb etgan holda:

2013-yilning 1-martigacha bo‘lgan muddatda har bir ta’lim bosqichida chet tillarni bilish darajasining aniq mezonlarini nazarda tutuvchi yangi ta’lim standartlari tasdiqlanishini ta’minlasin;

2013-yilning 1-mayigacha bo‘lgan muddatda umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan boshlab chet tillar ta’limini uzluksiz joriy etilishini, shuningdek, ta’limning barcha bosqichlarida uning davomiyligini nazarda tutuvchi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtlarining yangi o‘quv rejalari va dasturlari tasdiqlanishini ta’minlasin;

ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va rejalari, darsliklarni ishlab chiqish, shuningdek, ta’lim jarayonini tashkil etish uchun yetakchi xorijiy o‘quv markazlarini, chet tillar bo‘yicha xalqaro ekspertlar va mutaxassislarni jalb etsin;

ishlab chiqarishdan ajralmagan holda chet tillarni o‘qitish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va kuchaytirilishini, o‘quv yakunlari bo‘yicha umume’tirof etilgan testlar (imtihonlar) topshirilishini ta’minlasin.

4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tarkibida Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tashkil qilinsin, Markaz xodimlarining soni 12 kishiga ko‘paytirilsin va uning vazifalari quyidagilardan iborat etib belgilansin:

xalqaro e’tirof etilgan standartlarning talablariga muvofiq chet tillarni bilish darajasini baholashning Milliy test tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

o‘rganuvchilarni chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlashni to‘lov asosida test o‘tkazish (jumladan, Internet orqali masofaviy) va davlat namunasidagi tegishli malaka sertifikatini berishni tashkil etish;

o‘rganuvchilarning mustaqil ravishda, chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash uchun, testga tayyorlanishlariga zarur ma’lumotlarni tayyorlash va Internet tarmog‘iga joylashtirish.

Markazning byudjetdan tashqari daromadlari hisobidan unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Markazga to‘lov asosida mustaqil ekspertlarni va imtihon oluvchilarni jalb etish huquqi berilsin.

5. Davlat test markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, ikki oy muddatda, 2015/2016 o‘quv yillaridan boshlab, barcha oliy ta’lim muassasalariga kirish testlari blokiga xorijiy tilni kiritish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv muassasalarida chet tillar o‘qituvchilariga zarur ehtiyoji bo‘lgan uzoq tumanlar va qishloq aholi punktlarida yashayotgan aholi ichidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining tavsiyanomalari asosida chet tillar o‘qituvchilari ixtisosligiga oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabulni amalga oshirishga ruxsat etiladi;

maqsadli qabul asosida oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan shaxslar, o‘qishni bitirganlaridan so‘ng, o‘zlari yashaydigan joylarda joylashgan va mahalliy davlat hokimiyati organlari tavsiyanomalarida ko‘rsatilgan ta’lim muassasalarida 5-yildan kam bo‘lmagan muddatda olingan mutaxassisliklari bo‘yicha ishlab berishlari shart.

7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining chet tillar o‘qituvchilari va muallimlariga qonun hujjatlari bilan belgilangan rag‘batlantiriluvchi to‘lovlar va qo‘shimchalarni hisoblashda, ularning lavozim maoshlari tarkibiga kiritgan holda qishloq joylarda joylashgan ta’lim muassasalarida ularning tarif stavkalariga 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz stavkalari miqdoridagi har oydagi qo‘shimchalar qo‘shib berishni belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi uch oy muddatda, moliyalash manbalari Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar, xorijiy kreditlar va xalqaro grantlar, shuningdek, homiylar va xayriyachilar mablag‘lari ko‘zda tutilgan holda, 2013-2016-yillarda ta’lim muassasalari xorijiy tillar kabinetlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya va o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan (qo‘shimcha jihozlash) jihozlashning jadallashtirilgan dasturini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda uni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, bolalar va yoshlarning manfaatlari hamda qiziqishlarini inobatga olgan holda, quyidagilarni ta’minlasin:

televideniye, shu jumladan mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyati, jahon ilmi va texnikasiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni o‘zbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam ko‘rsatib borishni amalga oshirish;

“ZiyoNet” tarmog‘i orqali ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim va bilim olish manbalariga kirish imkoniyatlarini sezilarli orttirish, uning resurs markazini multimediya resurslari, shaxsiy kompyuterlar va mobil uskunalar uchun ilovalar bilan boyitish, shuningdek, ingliz tilida o‘quv va badiiy adabiyotlar, ixtisoslashtirilgan rasmlar bilan bezatilgan gazetalar va jurnallarni chop etish, ularga maxsus ruknlar hamda ilovalarni tashkil qilish.

10. 2013-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha har yili byudjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar, shuningdek, idoraviy me’yoriy hujjatlarga tegishli o‘zgartishlar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2012-yil 10-dekabr

Qarorning Ingliz tilidagi varianti.

Manba: www.uza.uz