Ingliz tili oʻqituvchilarining bilim darajasi EF Language Learning xalqaro kompaniyasi koʻmagida baholanadi

Joriy yilning 13 fevralida poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Shvetsiya biznes-forumida Xalq taʼlimi vazirligi va EF Language Learning Solutions kompaniyasi oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Taʼkidlash joizki, 2019 yilning yanvar oyida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov London (Buyuk Britaniya)ga tashrifi chogʻida Jahon taʼlimi forumida ishtirok etgan hamda shved kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazgan edi.

Muzokaralar chogʻida EF Language Learning Solutions kompaniyasi yurtimiz oʻqituvchilarini ingliz tili boʻyicha sinovdan oʻtkazish, ularning bilim darajasini aniqlash hamda ushbu test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlarni Yevropa va Amerika oliy oʻquv yurtlariga oʻqish va malaka oshirish uchun yuborishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Bundan tashqari, kompaniya Oʻzbekistondagi oʻqituvchilarga IELTS / TOEFL uchun mos keluvchi, xalqaro miqyosda tan olingan EF Standard English Test taʼlim sertifikati asosida ingliz tilini oʻrgatish taklifini kiritgan. Hamkorlikning keyingi yoʻnalishi sifatida mamlakatimizda “Taʼlim darajasini milliy baholash“ platformasining joriy etilishi belgilangan.

Memorandum doirasida inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha eng yaxshi xalqaro tajribalarni almashishga kelishildi. Endilikda tomonlar chet tili oʻqituvchilariga ingliz tilini bepul oʻqitish hamda ularning bilimlarini baholash sohasida hamkorlik qiladi.

Eʼtiborlisi, mazkur hamkorlik doirasida Xalq taʼlimi tizimi rahbar xodimlari uchun ham trening tashkil etiladi. Shu bilan birga Shvetsiya kompaniyasi yurtimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlashga koʻmaklashadi.

Kelgusida tomonlar turli seminar hamda tadbirlarni oʻtkazishda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

Maʼlumot uchun:

EF Language Learning Solutions kompaniyasi 1965 yilda Shvetsiyada tashkil etilgan xususiy taʼlim kompaniyasidir.
Kompaniyaning maqsadi “Dunyoni taʼlim orqali kashf etish“. Shuningdek, kompaniyaning dunyodagi 500 dan ortiq maktab va ofislarida 52 000 oʻqituvchi, tadqiqotchi va boshqa mutaxassislari mavjud.
Kompaniya turli davlatlar tashkilotlarining boshqaruv xodimlari uchun ingliz tilidagi innovatsion taʼlim dasturlarini yaratib, inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha davlat organlari bilan samarali hamkorlik qiladi.

Manba: uzedu.uz

Do'stlaringizga ulashing:
avatar